12 Dekabr 2020

Nega dvigatelni ishga tushirishdan oldin faralarni yoqib-o‘chirish tavsiya etiladi?

Ayniqsa qish davrida dvigatelni ishga tushirishdan oldin faralarni yoqib-o‘chirish nega tavsiya etilishini bilasizmi?

Gap shundaki, akkumulyator past haroratda kerakli tokni uzatishga qiynaladi, biroq u qizdirib turilsa, ishlash qobiliyati tiklanadi. Eskirgan akkumulyatorlar plastinalarning holati tufayli yaxshi ishlamaydi va sovuq ob-havoda zaryadni butkul yo‘qotishi mumkin. Haydovchi o‘t oldirish qulfining kalitini buraydi, batareya esa kichikroq uchqunlarni beradi va starterni qiyinchilik bilan ta’minlaydi.

Uni qanday qilib “tetiklashtirish” mumkin?

Hozir akkumulyatorlar avvalgilariga qaraganda ancha yaxshiroq, biroq ularni “tetiklashtirish” usuli oldingiday. Startdan oldin faralarni yoqib-o‘chirish batareyaning resursini uzaytirishga yordam beradi va ayniqsa qish davrida uning yaxshiroq ishlashini ta’minlaydi. Ushbu usul hatto “o‘lim” holatidagi batareyadan ham bir necha vatt energiyani tortib olishga ko‘maklashadi.

Agar motorni ishga tushirishdan oldin o‘t oldirish tizimini yoqsangiz va bir necha soniya kutib, keyin rul osti richagini o‘zingizga qarab tortsangiz, uzoqni yorituvchi faralar yonadi. Ular 10 soniyaga yaqin ishlashiga qo‘yib bering. Nazariy jihatdan bu yuklama akkumulyatordagi kimyoviy jarayonlarni faollashtirishi kerak. Agar faralar 30 soniya davomida yoqib-o‘chirib turilsa, batareya undan ham yaxshiroq natijalarni ko‘rsatadi.

Shunday qilib, batareyani qizdirish va uni maksimal tok uzatishga tayyorlash uchun sovuq kunlarda dvigatelni ishga tushirishdan oldin faralarni 10-30 soniyaga yoqib-o‘chirish foydali.

To‘g‘ri, kuchlanishni yo‘qotmaslik uchun haddan tashqari g‘ayrat qilish ham shart emas. Motor yaxshi ishga tushishi uchun sovuq kunlarda maksimal zaryadga ega yangi akkumulyatorga hamda yaxshi o‘t oldirish svechalariga va past haroratlarda quyuqlashmaydigan toza qishki moyga ega bo‘lgan ma’qul.

Qo'shimcha yangiliklar